2023-yilning avgust oyida qabul qilingan prezident qarori bilan ko‘p kvartirali uylarni boshqarishni samarali tashkil etish, xususan, majburiy badallarning eng kam miqdorini joriy etish belgilangan.

Hujjat bilan, ko‘p kvartirali uy-joy fondining umumiy mulkini va ularga tutash hududlarni saqlash uchun mulkdorlarning majburiy badallari yoki to‘lovlarining eng kam miqdorini tasdiqlash to‘g‘risidagi qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Botir Zokirovning buyrug‘i qabul qilindi.

Ko‘p kvartirali uylarda umumiy mol-mulkni saqlash, undan foydalanish va uni ta’mirlash hamda ko‘p kvartirali uyga tutash yer uchastkasini obodonlashtirish uchun majburiy badallar yoki to‘lovlarning eng kam miqdori belgilandi.

Bunda narxlar buyruq bilan tasdiqlangan ilovadagi narxlardan past bo‘lmasligi kerak. To‘lovlar hududlar, kvartiralarning qavatlari va ularda liftlarning mavjudligiga qarab farq qiladi.

Toshkentda narxlar qanday?

Poytaxt tumanlarida kommunikatsiyalari mavjud bo‘lgan ikki qavatli uylarning to‘lov miqdori 1 kv metri uchun 1147 so‘mdan 1149 so‘mgachani tashkil etadi.

Bundan tashqari, tariflar 3 qavatli uylar uchun 1303−1305 so‘m bo‘lsa, bu 4 qavatli binolarda 1514−1518 so‘mni tashkil etadi.

Lift mavjud bo‘lmagan 5 qavatli uylar uchun — 1512−1514 so‘m, lifti mavjud 6 qavatli uylar uchun — 1710−1712 so‘m, 7 qavatli binolar uchun — 1703−1709 so‘m, 8 qavatli uchun — 1701−1707 so‘m, 9 qavatli uchun — 1700−1706 so‘m.

10 va undan yuqori qavatlar uchun mazkur to‘lovlar hajmi 1828 so‘mdan 1830 so‘mgachani tashkil etadi/

ijara to‘lovi, ko'chmas mulk, ko'p qavatli uylar, kvartplata, qonunchilik, toshkent shahri

Yil boshida prezident uy-joylarni saqlash masalalari borasida joylardagi boshqaruv kompaniyalarining faoliyati ko‘p hollarda qoniqarsizligi, 20 mingta ko‘p qavatli uylar aholisi ularning ishidan norozi ekanini qayd etgandi.

Boshqaruv kompaniyalari va shirkatlarning qaytarilmagan krediti va debitor qarzdorligi bilan bog‘liq muammolar mavjud. Shundan kelib chiqib, mutasaddilarga boshqaruv kompaniyalari faoliyatini sog‘lomlashtirish choralarini ko‘rish topshirildi.

Avvalroq uy-joylarni sotishda soliq bazasini aniqlashning minimal miqdorlarini joriy etish rejalashtirilayotgani ma’lum bo‘lgandi. Bu Toshkentda bu 5−7,5 mln so‘mni, viloyatlarda 4−5 mln so‘mni hamda Qoraqalpog‘istonda 2−3,5 mln so‘mni tashkil etadi.